BOLAJONLARGA RAMAZON TUHFASI!

“Аlloh taolo biror bandasini (qilgan amali solihlari tufayli) sevgaydir. Jabroil alayhissalomga nido qilib: “Alloh falon bandasini sevdi, sen ham uni sevgil!” – degaydir. Jabroil alayhissalom ham o`shal bandani sevgaydirlar. So`ng Jabroil alayhissalom osmon ahliga nido qilib: “Alloh taolo falon bandasini sevdi, siz ham sevingiz!” – degaydir. Osmon ahli ham o`shal bandani sevgaydir. Shundan so`ng yer ahlida unga nisbatan muhabbat paydo bo`lgaydir”
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning “Al-Jomi’- as-Sahih” kitobidan
Qadim o’tgan zamonda Xasan- Xusan egizaklar yashagan ekan. Ularning onalari erta qazo etgan, hunarmand ota esa uy biqinidagi kichik hujrada yog’ochdan turli buyumlar yasar ekan.
Bir kuni, ota ularni yoniga chorlabdi:
– O’g’illarim, mana ulg’ayib ham qoldingiz. Hademay o’n yoshga qadam qo’yasiz. Endi asta-sekin qo’limdagi hunarimni olsangiz. Hozircha qanotimga kirib ish o’rganing. Hunarmandning noni halol! Inshaalloh kam bo’lmaysiz.
Otaning gapi Xasanga juda ma’qul tushibdi. Chunki u har doim, oddiy yog’ochdan turli ro’zg’or buyumlarini qoyillatib yasaydigan otasiga havas qilar, vaqt topdi deguncha hujraga kirib o’zi ham nimadir yasashni hohlar edi. Ammo usta, yo’g’ochga ishlov beruvchi o’tkir anjomlarini bolalarining qo’liga tushib, jarohatlab qo’yishdan qo’rqib Xasanga ruhsat bermas ekan. Hujraga kirishga ruhsat tekkanidan Xasan nihoyatda sevinibdi va darhol otasining orqasidan ergashibdi.
O’yinqaroq Xasanga esa bu yoqmabdi. “Endi o’nga kirayotgan bo’lsak, hozirdan hunarni nima keragi bor! Undan ko’ra o’rtoqlarim bilan mazza qilib o’ynayman” deya ko’chaga otilibdi. Xusanning kunlari shu tahlit o’taveribdi.Ota har qancha pand –nasihat qilmasin, u o’z bilganidan qolmabdi. Xasan esa sabr,bardosh va qiziqish bilan ota kasbining sirlarini o’rganaveribdi.
Bir kuni qishloqni yov bosibdi. Johil va o’ta rahmsiz bosqinchilar Yoshu-qari demay, hammani uylaridan sudrab chiqib keng yalanglikka to’plashibdi. Ularning maqsadi, bu yerlik aholini bitta-bitta qilichdan o’tkazish va navbatdagi katta shaharni ishg’ol qilish ekan.
Qishloq aholisiga achinib, “Omonlik” so’rab o’rtaga chiqqan oqsoqolning boshi chopib tashlangach halq butunlay tushkunlikka tushibdi.
Bosqinchilar guruh-guruh tanlab olingan odamlarni birma-bir qonini to’kilaveribdi. Navbat Xasan- Xusan va otalariga ham yetib kelibdi.
Bosqinchi hukmdor qo’lini sermab, “Qatl” ishorasini berishi bilan, o’nlab qonsiragan qilichlar egilgan kallalar uzra ko’taribdi.
Shu payt hukmdor e’tibor bersa dod-voy solib yig’lab turgan mazlumlar ichida o’n yoshlar chamasidagi bola nimadir yasab o’tirgan ekan. U “To’htang” deya qatlni bekor qilib bolakayning tepasiga kelibdi.
Uning yonida yana bir o’ziga o’hshah bola dag’-dag’ qaltirardi. Johil hukmdor ikkalasi egizak ekanini tushunibdi. Xusan ularga qadalgan qahrli nigohlarni ko’rib, bosqinching oyog’i ostiga o’zini tashlabdi. Mo’jazgina pichoqcha bilan yo’g’ochga ishlov berayotgan Xasn esa ishini davom ettiraveribdi.
– Hoy tirrancha,- debdi u Xasanga.- O’limdan qo’rqmaysanmi, nima yasayapsan?
Xasan hozirgina yasab bitirgan qo’lidagi yog’och kosani uning qo’liga tutibdi.
-Nima bu!
– Otam o’n yoshimdan boshlab o’z hunarini o’rgatadilar. Mana bir yil bo’ldi ammo shu kungacha tuzukroq yog’och chomich yasay olmagandim. Har safar padari buzrukvorim biror aybini topar edilar. Mana navbatdagisini yasadim.
O’limdan qo’rqmagan bolakayning bu so’zlari bosqinchini nihoyatda ta’jublantiribdi
Ota- debdi, Xasan, bosqinchiga e’tibor bermay,- Bunisi qanday chiqdi? Qo’lingizga olib ko’ring!
Bosqinchi otasi bilan ustahonada gaplashayotganday bemalol turgan bolaga yana hayron qolib, qo’lidagi cho’michni hunarmand otaga uzatibdi.
Ota yo’goch cho’michni qo’liga olib, obdon hamma joyini tekshiribdi. Bosqinchidan shu chomichga suv olib berishlarini so’rabdi. Iltimosi qondirilgach, mazza qilib cho’michdagi suvni ichib, o’g’lining boshini silabdi:
– Rahmat bolam! Endi bu dunyodan armonsiz ketaman. Chunki shunday o’g’il o’stirdim. Bugun mendan bahtli ota yo’q dunyoda!
Bosqinchi yana hayratlanibdi. Nimaga hursand bo’ladi bu tentak chol? Xozir o’zini ham bir tomchi suvdek bir-biriga o’hshash o’g’illarini ham kallasi uzib tashlanadi. Chol uning dilidagilarni uqqanday shunday debdi.
-Eh qonho’r mal’un! Nimalarni o’ylaganingni bilaman. Ammo sen ham mening dilimdan o’tganlarni bilsang yomon bo’lmaydi. Sening ham farzandlaring bordir. Qush inida ko’rganini qiladi. Ertaga ular ham sen tanlagan yo’lni maqbul ko’rib, insonlarni qaqshatadi. Balki sendan ham o’tadigan yovuzlik qilib, dunyodan o’tar. Tarihda yahshi amallari bilan emas, mash’um ishlari uchun eslanadilar. Qarg’ish va nadomat bilan yodga olinadilar. Chunki yahshi nom bilan insonlar qalbini maftun etish senga ham, zuriyodlaringga ham nasib etmaydi.
-Og’zingga qarab gapir yalangoyoq!- o’shqiribdi, bosqinchi chol aytayotgan acchiq haqiqatni tan olib tursa ham.
Hunarmand esa bunga parvo qilmay davom etibdi:
-Egizagimdan biri hunarimni olganidan qanchalik hursandligimni bilsang edi. Balki ular tarihda sening farzandlaringchalik eslanmas ammo la’nat va qarg’ishlar bilan tilga olingandan ko’ra umuman yodlanmagani yahshi emasmi?! Hozirgina Xasanim yasagan cho’michdan oddiy suv emas, shukronalik suvini ichdim. Sen qanchalik qonho’r bo’lmagin, hech qachon men ichgan suvning lazzatini topa olmaysan! Men esa bitta bo’lsa ham qobil farzand o’stira olganimdan mamnunman va o’limni mardonavor qabul qilaman.
Bosqinchiga hunarmandning so’nggi so’zlari juda qattiq ta’sir qilibdi. Otasiga shukronalik suvini taqdim qilgan bolakayning peshonasidan, hunar o’rgangan qo’llaridan o’pibdi. So’ngra o’z odamlariga barcha qishloq aholisini ozod etishni, talangam mol-mulkni qaytarib berishni aytib o’z yurtiga qaytib ketibdi.

Qissadan hissa shuki bolajonim, hadisda aytilganidek Allohning muhabbatini qozonmoqchi bo’lsang, Xasan kabi tirishqoq, mehnatsevar, ziyrak va qobil farzand bo’lgin.
Nafaqat ota-onang balki halqinig ham sen bilan fahrlansin. Halol mehnat, hunar, ilm orqali hurmat qozongin. Zero zulm, qabohat va jaholat bilan hali hech kim Alloh mehrini qozonmagan.

You must be logged in to post a comment Login