AQSh kinoteatrlarining 2016-yildagi tushumi 11 mlrd dollarga baholandi

AQShda 2016-yili kinodan keladigan kassa tushumlari o‘tgan yili qayd etilgan rekord summa — 11,1 milliard dollardan oshmasa-da, ushbu raqamdan biroz ortda qolib, 11 milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Bu haqda “Interfaks” xabar beradi.

2c73d521b99b5fe9a88b001b3d25bb37
Kinoijarada ayrim sikvellar, jumladan, “Toshbaqa-ninzalar 2” va “Mustaqillik kuni. Tiklanish” filmlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa-da, Amerika kinostudiyalari yil boshidan 26-iyunga qadar 5,48 milliard dollar ishlab topdi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 foizga ko‘p. Tushum borasida ushbu summaning uchdan biriga ega bo‘lgan Disney kinostudiyasi yetakchilik qilmoqda.

“BoxofficePro.com” ekspertlari taxminiga ko‘ra, AQShda yilning ikkinchi yarmidagi tushumlar 5,5 milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Bunga yil yakuniga qadar ekranlarga chiqadigan “Quvg‘indi” (“Yulduzli janglar” turkumidan), “Joniga qasd qiluvchilar otryadi”, “Doktor Strenj”, “Aql bovar qilmas maxluqlar va ular qayerda istiqomat qiladi” filmlari, “Uy hayvonlarining maxfiy hayoti” va “Moana” multfilmlari, Mett Deymon bosh rolni ijro etadigan agent Born haqidagi yangi film o‘z hissasini qo‘shishi kutilmoqda.

Manba: daryo.uz

You must be logged in to post a comment Login